
O'zbegim kaboblari.
Karimov Akmal | 20.03.2022 10:10 | 31 comments
Shashlik yoki kabob — cho'g'da pishirib (kuydirib) tayyorlanadigan go'shtli taom. An'anaviy shashlik tindiriligan va o'rtacha kattalikda to'g'ralgan go'shtdan tayyorlanadi. Go'sht, jigar, buyrak, dumba, charvi va baliq masalliklardan Six Kabob, titrama Kabob, qozon Kabob, parranda Kabob, qiyma Kabob, tandir Kabob, pomidor Kabob, dumbul Kabob, charvi Kabob, lo'la Kabob va baliq turlari bor. Six Kabob — qo'y go'shtining lahm hamda dumba qismlaridan olib, har biri 10— 12 g keladigan lo'nda-lo'nda bo'laklarga bo'linadi, unga mayda to'g'ralgan piyoz, tuz, qalampir (murch), kashnich urug'i, zira, uzum sirkasi (anor yoki limon suvi) aralashtiriladi. Masalliq sirlangan yoki chinni idishga solinib, bir necha soat (4 soatdan 24 soatgacha) salqin joyda saqlanadi. So'ngra go'sht sixga 5—6 bo'lakdan qilib o'tkaziladi (sixning uchida yog' bo'lishi kerak). Sixlar ko'rada toshko'mir yoki pista ko'mir cho'g'ida pishiriladi.